Olmaotada yanvar voqealari qurbonlari xotirasi uchun o‘rnatilgan «Tag‘zim» yodgorligi ochildi. Marosimda Qozog‘iston prezidenti qatnashdi. U fojiali hodisalarni doimo yodda tutish lozimligini, shu bois yodgorlik o‘rnatish haqida ko‘rsatma berganini ta’kidladi. Voqealar davomida 238 kishi halok bo‘lgandi.
Qozog‘iston bosh prokuraturasi xabar berishicha, yanvar voqealari bo‘yicha ochilgan ishlarga 11 nafar O‘zbekiston fuqarosi jalb qilingan. Ular tartibsizliklarda ishtirok etish va o‘g‘rilikda gumonlanmoqda.
Qozog‘iston bosh prokurori yanvar voqealari vaqtida jami 230 kishi halok bo‘lgani, shundan 19 nafari harbiylar ekanini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, vafot etganlarning eng ko‘pi Olmaota shahriga (139 kishi) to‘g‘ri kelmoqda. 20 nafar fuqaro esa tasodifan otishmalar oqibatida halok bo‘lgan. Tartibsizliklarga Qozog‘iston MXQning sobiq raisi va sobiq mudofaa vaziri ham aloqadorligi aytilmoqda.
Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev mamlakatdagi fojiali voqealardan so‘ng birinchi marta bayonot bilan chiqdi. U 2019 yildan beri nafaqada ekani va hech qayerga ketmaganini ta’kidladi. Qasim-Jomart Tokayev «barcha hokimiyatga ega», «elitada hech qanday ziddiyat yoki qarama-qarshilik yo‘q», — dedi u.
TIV rasmiy vakili «Jibek joli» o‘tish punktida Qozog‘istondagi tartibsizliklarda ishtirok etganlikda gumon qilinib, qo‘lga olingan shaxs O‘zbekiston fuqarosi ekanligini rad etdi.
O‘zbekiston prezidenti 5 yanvar kuni qisqa muddatli mehnat ta’tiliga chiqib, 7 yanvar kuni odatdagi tartibda ishlashga kirishgan edi. Davlat rahbarining matbuot kotibi Sherzod Asadov aynan Qozog‘istondagi tartibsizliklar tufayli Shavkat Mirziyoyev mehnat ta’tilidan 2 kunda qaytgani ma’lum qildi.
Shavkat Mirziyoyev Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida Qozog‘istondagi vaziyatga to‘xtalib o‘tdi. «Biz uchun yaqin qo‘shni va qardosh Qozog‘istonda sodir bo‘lgan voqealar hammamizni jiddiy tashvishga soldi», — dedi u. Prezident qo‘shni mamlakatdagi vaziyat asta-sekin o‘z iziga tushib borayotgani hamda odamlar osoyishta hayotga qaytayotganini ta’kidladi.
KXSHTning Qozog‘istondagi asosiy missiyasi yakunlandi, kontingentni olib chiqish 2 kundan keyin boshlanadi va bu jarayon 10 kundan oshmaydi, dedi prezident Qasim-Jomart Tokayev. Uning ta’kidlashicha, ittifoqchilarga murojaat qilish vaqtida hukumat Olmaota, keyinchalik esa mamlakat ustidan nazoratni butunlay yo‘qotishi mumkin edi. Prezident Milliy xavfsizlik qo‘mitasi terrorchilik tahdidining oldini o‘z vaqtida bartaraf eta olmaganini ta’kidladi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting